Farg‘ona davlat universiteti haqida nima bilasiz?
Farg‘ona davlat institutiga 1991-yil 1-mart kuni “Universitet” maqomi berilib, vodiyda birinchi universitet – Farg‘ona davlat universiteti tashkil etildi.
Universitetda ta‘lim uch til(o‘zbek, rus, tojik)da olib boriladi. Kirish imtihonlari ham shu uch til doirasida alohida bo‘lib o‘tadi.
- Farg‘ona davlat universiteti bakalavr bosqichida 54 ta yo‘nalish bo‘lib, 2022-2023-o‘quv yili natijalariga ko‘ra 2820 nafar abituriyent namunaviy DTM savollari orqali saralanib, talabalikka qabul qilingan. Bundan 635 nafari grant, 2185 nafari shartnoma asosida.
- Universitetda 19 ta yo‘nalishdan iborat sirtqi ta`lim ham mavjud. Bu ta`lim turida grant mavjud emas.
- Magistratura bosqichida esa 34 ta yo‘nalish bo‘lib, 2022-2023-o‘quv yili natijalariga ko‘ra 314 nafar talaba magistratura bosqichiga muvaffaqiyatli o‘tgan. Bundan 108 nafari grant, 206 nafari shartnoma asosida qabul qilingan.
2022-2023-o‘quv yili DTM natijalariga ko‘ra Farg‘ona davlat universitetida grant joylari uchun talabalikka qabul qilishning eng yuqori o‘tish ko‘rsatkichi – 182,6 ball(Yurisprudensiya – faoliyat turlari bo‘yicha);
Shartnoma asosida qabul qilishning eng past ko‘rsatkichi esa – 57,7 ball(Sotsiologiya) qayd etilgan.
Sirtqi ta‘limda bu ko‘rsatkichlar 144,7(Yurisprudensiya – faoliyat turlari bo‘yicha) va 56,9 ball(Ijtimoiy ish – fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari)ni tashkil qiladi.
Hozirgi kunda Farg‘ona davlat universitetida 6 ta talabalar turar joyi mavjud. Shulardan 1tasi hozirgi vaqtda ta’mirdan chiqarilmoqda. Shuningdek, 1206 o‘ringa mo‘ljallangan 5 ta talabalar turar-joy binolari foydalanishga tayyor.
Farg‘ona davlat universiteti talabalari respublikamizning boshqa ta‘lim muassasalari qatorida barcha turdagi stipendiyalarni olishga haqlidirlar va buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bular:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi – 1 811 191 so‘m;
- Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov – 1 207 461 so‘m;
- Davlat granti asosida, shuningdek, shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun bazaviy stipendiya;
- 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiya - belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50% yuqori miqdorda;
- Alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun qo‘shimcha to‘lov - belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50% yuqori miqdorda;
- Farg‘ona davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 60 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kelishuvlariga ega. Xususan Germaniya, AQSH, Chexiya, Latviya, Slovakiya, Rossiya, Litva, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Vyetnam va MDH mamlakatlari universitetlari bilan yaqindan hamkorlik olib bormoqda.
- Shu bilan birga oliy ta’lim sohasida Yevropa Komissiyasining Erasmus +, American Councils, USAID, British Council, DAAD, JICA, Robert German fondi va Koreyaning KOICA kabi fondlari va xorijiy tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilmoqda.