XALQARO HAMKORLIK

XALQARO HAMKORLIK

Joriy yilning 15-may kuni Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov va Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi savdo va investitsiyalar bo‘limi rahbari Laure Murhed o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy sohalardagi hamkorlik tafsilotlari va mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida kelgusi qadamlarni muhokama qildilar.

Xususan, Buyuk Britaniya universitetlari filiallarini respublikamizda ochish hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish tartibi va transmilliy ta’lim bo‘yicha seminarlar o‘tkazish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomon uchun hamkorlikning yangi qirralari muhokama qilindi. Jumladan, turizm, STEM, muhandislik, arxitektura-qurilish, binolarni loyihalash kabi ta’lim yo‘nalishlarida sanoat va xizmatlar sohasi uchun kadrlar yetishtirish O‘zbekiston uchun manfaatli yo‘nalish bo‘lishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, respublika OTMlarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash hamda talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘z o‘rnida, K.Karimov yuqorida tilga olingan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston tomoni mavjud imkoniyatlar asosida hamkorlikni davom ettirish hamda yosh olim va tadqiqotchilar, talabalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.