IICRC BILAN HAMKORLIKDA AKT SOHASIDA MALAKALI O‘RTA BO‘G‘IN KADRLARI TAYYORLANADI

IICRC BILAN HAMKORLIKDA AKT SOHASIDA MALAKALI O‘RTA BO‘G‘IN KADRLARI TAYYORLANADI

Koreya texnologiya universitetining (Tech University of Korea) taklifiga binoan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va vazirlik huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim boshqaruv hamda pedagog  kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti vakillaridan iborat delegatsiyasi tajriba almashish hamda “Global raqamlashtirish transformatsiyasi” mavzusida tashkil etilgan xalqaro seminarda ishtirok etish uchun Koreya Respublikasida bo‘ldi.

Dastlab, Tech University of Korea faoliyati bilan tanishildi. Shundan so‘ng, universitetda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, Koreya texnologiya universiteti hamda uning  Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari konvergensiyasi tadqiqot markazi (IICRC) vakillarining o‘zaro uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki davlat o‘rtasida professional ta’limni rivojlantirishda hamkorlik xususan, manfaatli tadqiqotlar yo‘nalishlariga aniqlik kiritish, laboratoriyalar va tadqiqot markazlarini yaratish va rivojlantirish, professional ta’limni raqamlashtirish, AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha tegishli tajribalarni almashish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek,  ushbu hamkorlik doirasida professional ta’lim tizimida VR/AR kontentlarni joriy qilish va Koreya Respublikasidagi kompaniyalarda ehtiyoj yuqori bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarni maqsadli tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv so‘nggida, Pedagogik innovatsiyalar instituti hamda Koreya texnologiya universitetining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari konvergensiyasi tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Manba: Axborot xizmati