2023 yil “SUPER KONTRAKT” NARXLARI VA TO'LASH TARTIBI

2023 yil “SUPER KONTRAKT” NARXLARI VA TO'LASH TARTIBI

Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qoʻshimcha kontrakt (xalq tilida “super kontrakt") haqida savollar koʻpaydi. Shularni inobatga olib, qoʻshimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qilaman.

Qoʻshimcha kontrakda oʻqish uchun necha ball olish kerak?

Farqi yoʻq. Testga kirgan boʻlsa, kifoya. 1 ball olgan boʻlsa ham, qoʻshimcha kontraktda oʻqishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.

Qoʻshimcha kontrakda oʻqishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?

Oʻqishga kira olmagan abituriyentlar qoʻshimcha kontraktda oʻqish uchun test natijalari eʼlon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.

Ariza qayerga beriladi?

Qoʻshimcha kontraktda oʻqish istagida boʻlganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.

Qoʻshimcha kontraktning narxi qancha?

Qoʻshimcha toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1-toifa

Kirish chizigʻiga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt toʻlaydi. Jumladan:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.

Masalan, kirish bali 140 boʻlgan deylik. 139 ball toʻplagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini toʻlaydi. Masalan, asli 10 mln soʻm kontrakt boʻlsa, 15 mln soʻm toʻlasa kifoya.

138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini toʻlaydi, yaʼni 20 mln soʻm. Va h.k.

2-toifa

56,7 balldan koʻp toʻplagan, lekin kirish chizigʻiga 4 balldan koʻproq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda toʻlaydi.

Masalan, yana oʻsha kirish 140 ball boʻlgan yoʻnalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan koʻp toʻplaganlar 2-toifaga tushadi.

Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. Oʻtgan yildagi narxlarni quyidagi manzildan koʻrib olishingiz mumkin. Shuningdek, joriy yildan super-kontrakt narxlarini OTMlar oʻzlari belgilashadi.

3-toifa

56,7 balldan kam toʻplaganlar 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini toʻlab oʻqishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar boʻlsa, 56,7 balldan kam toʻplaganlar 30 barobar toʻlab, super-muper kontraktda oʻqishi mumkin.

Qoʻshimcha kontrakt har yili toʻlanadimi yoki bir marta?

Bir marta toʻlanadi. 1-oʻquv yilini tugatgandan soʻng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni toʻlab oʻqishadi.

Magistraturada ham qoʻshimcha qabul bormi?

Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga oʻxshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt toʻlanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha boʻlsa, qoʻshimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha toʻlashadi.

Super-kontraktni boʻlib-boʻlib toʻlasa boʻladimi?

Yoʻq, ming afsuski hozirgi qoidalar boʻyicha super-kontraktni toʻliq toʻlash talab etiladi. 100% toʻlangandan keyingina buyruq chiqariladi. Lekin boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish kerak, menimcha.

Super-kontrakt uchun taʼlim krediti olsa boʻladimi?

Yoʻq, super-kontrakt uchun taʼlim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.

ESLATMA: 10 yoki 20 barobar degani bu eng kam oylik ish haqiga nisbatan emas, oʻsha yoʻnalishdagi kontrakt narxiga nisbatan. Yaʼni kontrakt 10 mln soʻm boʻlsa, 15 barobar boʻlganda qoʻshimcha kontraktda 150 mln soʻm toʻlanadi.